Snellen ko’z jadvali yordamida ko’zlarni tekshirish

Nodir Nazarov
2 min readApr 27, 2024

--

Oldingi maqolada ko’rish keskinligini santimetr asosida o’lchash tartibi haqida gaplashdik. Bugun Snellen ko’z jadvali yordami ko’zlarni o’lchash haqida o’rganamiz. Bu bizga quyidagilarni tushunishda yordam beradi

  1. Hozirgi ko’zoynaklaringiz o’lchami qanchalik aniq?
    Ushbu maqolani o’qiyotgan vaqtingizda allaqachon Snellen jadvalini olgansiz deb umid qilaman. Agar hali olmagan bo’lsangiz, maqolani davom ettirmay turishni tavsiya qilaman. Amalda bularni qo’llamasangiz shunchaki o’qigandan ko’p ham foyda yo’q. Demak, ko’z jadvalini (jadval qancha masofaga mo’ljallanganligiga qarab) 6 yoki 3 metr masofaga qo’yasiz. Hozirgi ko’zoynagingiz bilan jadvalni o’qib ko’rasiz. Qaysi qatorni o’qiy olyapsiz? Agar tagiga qizil bilan chizilgan (20/20 deb ham yozilgan bo’ladi) qatordan pastrog’ini o’qiy olsangiz unda hozirgi ko’zoynagingiz o’ta kuchli. Undan yuqorirog’i bo’lsa, demak normal ko’zdan biroz sustroq.
  2. Yorug’lik ko’rishga qanchalik ta’sir qiladi?
    Jadvalni quyosh yorug’ligi yaxshi tushadigan joyga qo’yib o’lchab ko’ring. Keyin kechqurun, chiroq yordamida yoritilgan uyda sinang. Farqini sezdingizmi? Odatda quyosh yorug’ligi yaxshiroq ko’rishga yordam beradi.
  3. Optikadagi o’lchov bilan sizning o’lchovingiz qanchalik farq qiladi?
    Endi optikada ko’zingizni o’lchatgan holatingizni eslang. Ko’pincha qorong’u, faqat jadvalga sun’iy yorug’lik tushirilgan xonada ko’zingizga optik o’lchov ko’zoynagi taqqansiz. Turli xil linzalar taqib, eng kichik harfni o’qishingizni tekshirib ko’rishadi. Shunaqa sharoitda ham ko’zingizni tekshiring. Oldingi qadamlardagi o’lchovlar bilan uni solishtirib ko’ring.

Yuqoridagi tajribada (ya’ni turli sharoitlarda ko’zni o’lchash) biroz bo’lsa ham farqni his qildingizmi? Agar buni ko’ra olgan bo’lsangiz muammoni biroz tushundingiz. Ko’zlaringiz keskinligi turli sharoitda, turli masofada farq qiladi, ko’zoynaklaringiz esa yo’q. Sizga yozib berilgan ko’zoynak odatda maksimum dioptriyada bo’ladi. Yorug’, yaqinroq masofa uchun bu ko’zoynaklar kuchlilik qiladi. Mana endi ko’zoynak/linzalar yordamida progressiv miopiya qanday sodir bo’lishini o’z tajribangizda ko’rib, amin bo’ldingiz.

Snellen jadvali yordamida ko’rish keskinligi qanchalik o’zgarishini payqash biroz qiyin. Chunki bir qator bilan ikkinchisi keskin farq qilishi mumkin, u oraliqdagi kichik farqni esa jadval ko’rsatib bera olmaydi. Shuning uchun ko’zni o’lchashda ko’proq santimetr o’lchoviga tayanamiz. Har kuni santimetr yordamida 3 mahal ikkala ko’zni tekshirish juda ko’p ishdek tuyilishi mumkin. Lekin bora-bora buni haftada bir, keyinchalik oyida bir qiladigan bo’lamiz. Boshlanishida esa tez-tez tekshirib turish o’ta muhim.

--

--

Nodir Nazarov
Nodir Nazarov

No responses yet