Ko’rishni tekshirishning oson uslubi
Uy sharoitida miopiyani tekshirish bo’yicha ushbu maqolani hali o’qimagan bo’lsangiz, hoziroq uni o’qing: https://nazarov-nodir.medium.com/3-kun-miopiyani-ulchash-1787a1e511e1
Ko’zlarimizni uy sharoitida tez-tez tekshirib turishimiz faqatgina ko’zoynaklarimiz dioptriyasini bilish uchun emas, balki ko’zlarimizda qanchalik zo’riqish bo’layotganligini anglash uchun ham zarur.
Maqolada aytilganidek lentali metr yoki yig’iluvchi, metal lenta bilan ko’zlaringiz ertalab, tushda va kechqurun o’lchab Google jadvalda yoki o’zingizga ma’qul kelgan ko’rinishda qayd etib boring.
Demak, bugungi vazifangiz yuqoridagi maqolani o’qib chiqib, quyidagi tartibda santimetr o’lchovlarini yozib boring:

Bu mening eski qaydlarimdan. Ko’rib turganingizdek ish kunidagi ko’rish qobiliyati dam olgandagidan farq qiladi. Hattoki bir kun davomida ko’rish keskinligi farq qiladi.
Bu raqamlar sizga ko’p narsalarni aytib beradi. Vaqt o’tishi bilan ko’zlaringiz qanchalik yaxshilanib yoki yomonlashib boryapti, unga nimalar sabab bo’lyapti, bularni barchasini raqamalarga bog’lashingiz mumkin. Qiziq bo’lishi uchun raqamalarga biroz hissiyot ham bering, masalan meni misolimda 30cm — ☹️, 33cm — 😐, 36cm esa 🙂.
Qo’shimcha ravishda yaqindan ko’rishni talab qiladigan mashg’ulotlar vaqtini ham qayd qilib boring. Quyidagi jadvalda men kompyuter va telefonimdan foydalangan vaqtlarimni yozib boraman. Umumiy ketgan vaqtni qizil rangda ko’rsataman, chunki bu ko’zga yomon stimul beradi, buni imkon qadar kamaytirishga harakat qilish kerak. Ko’zga yaxshi stimul yaratadigan mashg’ulotlar, ya’ni uzoqlarga qarashga imkon beradigan ishlarni esa yashil rangda yozib boraman. Bularga tashqarida sayr qilish, futbol o’ynash, yugurish, toqqa chiqish kabi mashg’ulotlar kiradi.

Bu qaydnoma juda ko’p ishga o’xshab tuyulishi mumkin, lekin busiz natijaga erishish juda qiyin. Sizni rag’batlantirib turishingiz uchun ham kerak. Ko’zingiz juda oz miqdorda yaxshilanib boradi, cm emas balki mm o’lchovida, buni ko’z bilan ilg’ash imkonsiz.
Qaydnomani osonlashtiradigan ba’zi tavsiyalarni aytib o’taman:
- O’lchov uskunangizni (lentali yoki yig’iluvchan metr) doim ko’zingiz tushadigan joyda saqlang. Aytaylik ish/o’qish stolingizda, mashinada, ofisda va hkz.
- Agar elektron qaydnoma qiyinchilik tug’dirsa qog’ozda (daftar, blaknot kabi) yozib boring. Agar elektron qaydnomalar kerak bo’lsa dam olish kuni bir haftalik qaydnomalarni kompyuterga kiritib qo’ysangiz bo’ladi. Shaxsan menga elektron qaydnoma qulay, har qachon, har yerda undan foydalana olaman.
- Kompyuter va smartphone larda kunlik sarflagan vaqtlaringizni ko’rsatuvchi funksiya mavjud. Hafta oxirida hammasini bittada kiritish qulay. Internetda qanaqa qurilma va qaysi operatsion sistema uchun bu funksiya kerakligini qidirsangiz chiqib keladi.
- Tashqarida o’tkazgan vaqtingizni smartwatch, fitness tracker orqali qayd qilib borishingiz oson. Agar bunga qurbingiz yetmasa, ma’lum bir vaqtni belgilab tashqarida vaqt o’tkazing, va o’sha vaqtni taxminan bo’lsa ham yozib boring.
Keyingi darslarda Snellen (ko’z) jadvalidan foydalanish tartibi bilan tanishib chiqamiz.