Kirish (20/20ga qaytish)
Ushbu maqolalar qiymati $3000 lik bo’lgan EndMyopia kursi asosida tayyorlanmoqda. Avtorlik huquqini himoya qilgan holda, faqat o’zim olgan xulosalarimni sizlar bilan bo’lishishga harakat qilaman.
Ushbu kurs sizdan qati’ylik, intizom, sabr va vaqt talab qiladi. Kurs davomida miopia, uning paydo bo’lishi, qanday omillar yordamida yaxshilanishi yoki yomonlashishini o’rganamiz. Bu yerda sizga hech qanday tibbiy maslahat berilmaydi, balki ko’zimizni tabiiy ravishda yaxshilash uchun zarur bo’lgan kundalik tavsiyalar beriladi. Ushbu tavsiyalarni shunchaki qilish emas, balki o’qib, o’rganib, tushunib keyin amalda qo’llash kerak bo’ladi.
Kurs faqat va faqat yaqindan ko’rish — miopia mavzusida bo’ladi.
20/20 deganda uzoq masofadagi obyektni muammosiz ko’rish qobilityati tushuniladi. 20 bu 20 fut ya’ni 6 metr masofani bildiradi. Normal ko’radigan ko’z 20 fut masofada o’qiy olgan yozuvni siz ham 20 fut masofada ko’ra olsangiz sizda 20/20 ko’rish qobiliyati bor deyiladi. Agar normal ko’z 40 fut (12 metr) masofadan o’qiy oladigan yozuvni 20 fut masofadangina o’qiy olsangiz, unda sizning ko’rish qobiliyatingiz 20/40 deyiladi.
Ko’zingiz bir kunda yomonlashib qolmagan, shunday ekan uni yaxshilanishi ham vaqt oladi. Shunday ekan, kursga kirishdan oldin maqsadni to’g’ri belgilab oling. Agar uzoq muddat, tinimsiz o’rganish, dori-darmonsiz, jarrohlik amaliyotisiz, tabiiy ravishda ko’zlaringizni yaxshilanishini xohlasangiz, xush kelibsiz.
Boshida bularning hammasi juda ko’p ishdek tuyilishi mumkin. Lekin vaqt o’tgan sari bular odatga aylanib qolishi kerak.
Men o’rganganlarimni matn ko’rinishida yozib, medium kanalimda joylab boraman. Har hafta telegramda ushbu mavzular bo’yicha audio formatda ham dars o’tib, savollarga javob berishga harakat qilaman, Allohning izni bilan.
Bu ishda Allohdan baraka, barchamizga sog’lik tilab qolaman.
Hurmat bilan,
Nodir