Maktabdan Google gacha

Nodir Nazarov
5 min readAug 26, 2021

--

Ushbu maqolada o’zimning Google gacha bo’lgan hikoyamni so’zlab bermoqchiman.

Ta’lim

Maktab

Google gacha bo’lgan hikoyamni aynan maktab davridan boshlab yozishimga sabab, ushbu ta’lim dargohi hozirgi kungacha bo’lgan muvaffaqiyat uchun eng katta ahamiyatga ega. Maktab vaqtidan ingliz va matematika fanlarini yaxshi o’zlashtirganligim nafaqat oliy o’quv yurtiga kirishim, balki undan keyingi muvaffaqiyatlar uchun ham zamin yaratgan.

1994–1999 yillarda Shahrisabz shahridagi Abdurahmon Jomiy maktabida, so’nga 2000–2005 yillarda Mirzo Bidel litsey internatida o’qidim.

Bakalavr

2005-yil Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetining 5ta viloyatda filiallari ochildi. Mana shu yili, eng birinchi talabalari safida TATU Qarshi filialiga o’qishga kirdim. Toshkentda o’qish moliyaviy tarafdan biroz qiyin bo’lgani uchun Qashqadaryo viloyatidagi filialda o’qishga qaror qilgandim. Birinchi yil bo’lganligi uchun bizda hali o’quv binosi ham tayyor emasdi, shuning uchun ikkinchi smenada boshqa oliy o’quv yurti binosida darsga borardik. Birinchi kursni (balki ikkinchi kursda ham) kompyuter ko’rmay tamomladik. Boshida kichkina binoda, keyinroq esa hozirgi o’quv binosida o’qidik. 3 yoki 4 kursga kelib kompyuterni ko’rish nasib qildi, lekin internetni ko’rish nasib qilmadi :)
Eng qiziq xotiralardan biri, bakalavrning birinchi yillarida, endi dasturlash asoslarini o’rganayotganimizda dasturlarni qog’ozda, doskada yozardik va ustozimiz kompilyator vazifasini o’tab berardilar. Lekin aynan shu jarayon kod yozish uchun to’g’ri fikrlash va tahlil qilishni o’rgatgan.
Bir yomonning bir yaxshisi bor deganlariday, paxta mavsumi men uchun yaxshi imkoniyat yaratib berdi. Aslida, paxta mavsumi emas, filialimizning o’sha vaqtdagi rektori Odiljon Muxtorovich va ustozim Fayyozjon domlalarning bu boradagi qo’llab quvvatlashlari edi. 2–3 oylik paxta mavsumi mobaynida ACM halqaro dasturlash musobaqalarida tayyorlanib, olimpiadalarda ishtirok etdim. Ana o’sha bilimlar keyinchalik Silicon Valleyga kelishim uchun juda foydali bo’ldi.

2009 yil, TATU Qarshi filiali

Magistratura (Janubiy Korea)

Maktab vaqtimdayoq chet elda o’qish orzusi bor edi. 2010 yil, Janubiy Koreadagi Yeungnam Universitetiga 100% grant asosida o’qishga qabul qilindim. U yerda “Kompyuter tarmoqlari xavfsizligi” bo’yicha o’qib, ilmiy tadqiqotlar olib bordim. Bu universitetning menga eng yoqqan tarafi amaliyot bilan shug’ullanish uchun juda katta imkoniyat yaratib berilganligi edi. Darslar magistratura dasturining bir qismigina xolos, asosiy qism esa ilmiy tadqiqotlar edi. Bir kunda 2 yoki 3ta dars, qolgan vaqt esa ilmiy tadqiqot labaratoriyalarida turli loyihalar ustida ishlash bilan o’tardi. O’qish davomida bir necha loyihalarda ishlab, ilmiy konferensiyalarda qatnashdim va ilmiy maqolalar yozdim.

2010 yil, Daegu, Korea

Magistratura (Amerika)

2012 yil Koreada magistraturani tugatgach, Korea va Turkiyada PhD grantlarini yutib oldim. Lekin yoshlikdagi Amerikaga borish, hamda programmist bo’lish orzusi ustun kelib, Amerikada dasturchilarni tayyorlovchi universitetga o’qishga keldim. Tekin, hatto stipendiya beradigan PhD grantlarini tashlab, o’zim pul tulab o’qiydigan boshqa magistraturaga o’qishga keldim. Aslida uzoq muddat o’qish niyatim yo’q edi, lekin Amerikaga kelishning eng qulay yo’li shu edi.
2012 yil Oktyabrda Amerikaning Ayova (Iowa) shtatidagi MIU universitetiga magistraturada o’qish uchun(student viza F1 bilan) keldim. 9 oylik kampusdagi o’qishdan keyin, ishlashga ruxsat beruvchi maxsus viza (CPT) bilan ishga kirdim, va o’qishni online kurslar bilan davom ettirdim. 2015 yil online kurslarni tugatib, ikkinchi magistrlik diplomini oldim.

2012 yil, Fairfield, Iowa

IT sohasidagi ish tajribasi

Uzbek-Korea IT markazi (6 oy)

2009 yil bakalavrni tugatgach, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti qoshidagi Uzbek-Korea IT markazida dasturchi sifatida 6 oy ishlab, chet elga o’qishga ketish uchun pul to’pladim. Dasturchi sifatida birinchi ishim edi, juda ko’p narsani tushunmasdim unda. Asosan OpenDRIM proyektida ishladim. OpenDRIM provayderlari barcha Linux distributlari uchun ishlab chiqilgan bo’lib, CIM/WBEM infrastrukturasi orqali kerakli ma’lumotlarni ta’minlaydi:

2009 yil, Toshkent, O’zbekiston

Oracle/Micros (5 yil)

Amerikadagi ilk ishimni 2013 yil Micros kompaniyasida boshladim. 2014 yil kompaniya Oracle tomonidan sotib olindi, va 2018 yilgacha shu yerda dasturchi sifatida faoliyat olib bordim.

U yerda kassa terminallari uchun dasturiy ta’minot hamda uni boshqaruvchi web ilova ustida ishladim.

Oracle orqali 2014 yil ishchi viza (H1B) oldim.

2017 yil, Solon Ohio

Rolled Alloys (10 oy)

2018 yil kareeramda o’zgarish qilish uchun boshqa ishga o’tdim. Rolled Alloys — metallurgiya kompaniyasining kichik IT bo’limiga dasturchi bo’lib ishga kirdim. 10 oylik qisqa muddatda oldingidan ko’ra ko’proq o’rganib, yaxshiroq tajriba ortirdim. Kichikroq komandada ishlashning o’ziga yarasha gashti ham bo’larkan — kattaroq proyektlarni o’zingiz, yoki kamchilik bilan qilish evaziga ko’p “go’shtli” ishlarni o’zingiz qilasiz va ko’p narsa o’rganasiz. Katta kompaniyalardagidek rasmiyatchilik, qog’ozbozlik, uzoq majlislar yo’q. Kundalik ishim metallurgiya sanoatida ishlatiladigan ERP tizimi(desktop application)ni ishlab chiqish, uni yaxshilash hamda metal ishlab chiqaruvchi zavod ishchilarining ishlarini avtomatlashtiruvchi mobil ilovalar yaratishdan iborat edi.

2018 yil, Temperance, Michigan

eBay (20 oy)

Avvalida ITning markazi bo’lmish Silicon Valley (kremniy vodiysi)ga kelish juda qiyin tuyilardi. Chunki ishga kirish intervyulari uchun algoritmga oid bilimlarni chuqur egallash kerak deb o’ylardim. Algoritm bo’yicha qalin kitoblar meni vaqtida qo’rqitib qo’ygan edi. Lekin yaqin do’stimning maslahati bilan 2019 yil eBay kompaniyasiga ishga kirishga muvaffaq bo’ldim.

ebay.com global elektron tijorat korparatsiyasi bo’lib, yillik daromadi 10.27 milliard dollarni tashkil qiladi (2020 yilda). U yerda kunlik 2milliardan oshiq so’rovlarga xizmat ko’rsatuvchi eBay ning qidiruv tizimida ishladim. Qidiruv tizimi eBay ning “yuragi” — katta qism (adashmasam 80%) savdo aynan qidiruv tizimi orqali amalga oshiriladi.

2019 yil, San Jose, California

Google (2021 yildan hozirgacha)

eBay dagi faoliyatim qiziqarli va samarali bo’ldi. Lekin bundan ham yaxshirog’ini kim ham xohlamaydi. 2020 yil oxirlarida Google kompaniyasiga ishga topshirdim, va intervyudan o’tib 2021 yil boshlarida Google Cloud Security jamosiga dasturchi muhandis sifatida ish boshladim. Asosiy vazifam Google Cloud xavfsizlik infrastrukturasi inovatsion uskunalar, testlar orqali yaxshilashdan iborat.

2021 yil, Sunnyvale, California

--

--