92 yoshli “Erkin” bobo bilan do’stlashuv hikoyasi

Nodir Nazarov
9 min readJul 2, 2023

--

Bundan 2 yil oldin, 2021 yil Chikagodan qaytishda, mehmonxonadan aeraportga Uber taksi chaqirtirdim. Vaqt tig’iz, shaharda tirbandlik, uchib ketishimizga oz vaqt qolgan, taksi kelishi kechikib ketdi. Bu ham yetmagandek, kelgan taksist qari chol ekan, juda sekin, shoshilmay haydaydi. Boshida asabiylashdim, keyin ozroq suhbatlashganimizdan keyin asabiylashish esdan chiqib ketdi. Sababi taksist bizni juda hayron qoldirdi. U 86 yoshli chol edi, lekin ko’rinishi, gap so’zidan anchagina yosh ko’rinadi. Asli Yugoslavakiya yoki Chexoslovakiyadan ekan, shu yoshda bo’lishiga qaramay taksi qilib turarkan. Dam olish kunlari esa cherkovda yosh bolalarga musiqadan dars berarkan. Bunga ham 2 yil bo’ldi, suhbatimiz tafsilotlari yodimdan ko’tarilgan, lekin bu yerda yozadiganlarim u kishi haqida emas, balki undan ham meni ko’proq hayron qoldirgan 92 yoshli bobo.

“Erkin” bobo bilan samolyotda

Ushbu rasmda ko’rib turgan kishini bir ko’rganda hech kim 92 yosh demaydi. Hali yoshini aytmasi, ayolim va farzandlarimdan uni yoshini taxmin qilishlarini so’radim. Qizlarim 56, 60 yosh, ayolim esa 70 dan oshgan bo’lsa kerak dedi. Balki siz ham bu taxminda adashishingiz mumkin edi, xuddi mendek. Lekin hikoyam faqat u kishining yoshi haqida emas.

“Erkin” bobo (asli ismi Eric, qulaylik bo’lishi va hikoyamizga o’zbekcha tus berish uchun shunday nomlab turaylik) bilan tanishishimiz quyidagicha bo’ldi.

Xullas, men ish safari bilan Vashington (eng. Washington) shtati, Siatl (eng. Seattle) shahriga samolyotda bordim. Ba’zi mahalliy qatnovlarda “open seating” degan narsa bor ekan. To’g’ridan-to’g’ri tarjimasi “ochiq o’tirish”, soddaroq qilib aytadigan bo’lsak har kim xohlagan joyida o’tirishi mumkin. Lekin samolyot bortiga chiqish navbati sizning qanchalik erta yoki kech ro’yxatdan o’tishingizga qarab belgilanarkan. Men buni ancha kech bildim, shu sabab mening navbatim eng oxiriga to’g’ri keldi. Birinchi kirganlar odatda deraza yoki yo’lak tomondagi o’rindiqlarni tanlashadi. O’z-o’zidan, agar siz keyinroq kirsangiz, va ikki chetda odamlar o’tirib bo’lishgan bo’lsa, o’rtadagi o’rindiqda o’tirishingiz kerak. Agar eng oxirida kirsangiz, eng orqa qatordagi o’rta o’rindiqlardan biriga o’tirasiz. Men ham shuni kutdim, va ertaroq ro’yxatdan o’tib qo’ymaganligimga afsuslandim. Nima bo’lganda ham 2ta semiz odam o’rtasiga o’tirib qolmasam bo’lgani. Lekin baxtga ko’ra eng old qatorlardan birida (adashmasam uch yoki to’rtinchi qator edi) o’rta o’rindiq bo’sh. Yo’lak tarafda tibbiy niqob va shapka kiygan, bir qarashda erkak yoki ayolligini ajratish qiyin bo’lgan, lekin muhimi semiz bo’lmagan odam, deraza tarafda esa soch soqoli oppoq qariya. Hech kim bu o’ringa o’tirshni xohlamagani qiziq, balki qariya sabab deb o’yladim, menga esa buning ahamiyati yo’q. Ularga salom berib o’rta o’rindiqqa cho’kdim. Chap tarafimdagi kishi (menimcha ayol kishi edi, lekin bunga ahamiyat berib o’tirmadim) sas chiqarmadi, chol esa tabassum bilan so’rashgan bo’ldi. Safarga chiqishdan oldin o’zim bilan o’qish uchun o’zbekcha badiiy kitob olgandim. Jerom Selinjerning “Javdarzordagi xaloskor” asari, Siatlga borishda ancha qismini o’qib qo’ygandim, qaytishda tugatib qo’ymoqchi edim. Ozroq mutoola qilganimdan so’ng, yomindagi qariya “Uzr, savol bersam maylimi?” deb qoldi. “Ha, bemalol” dedim ko’zimni kitobdan olib. —

Bu o’qiyotgan kitobingiz rus tilidami?
— Yo’q, o’zbekcha.
— Kechirasiz, biroz balandroq gapirasizmi, qulog’im uncha yaxshi eshitmaydi.

Aslida men past ovozda gapirayotgan edim, chunki jamoat joyida, atrofimda begonalar bo’lsa odatda past gapiraman. Keyin ovozimni biroz balandlatib aytdim:
— Yo’q, bu o’zbek tilida yozilgan. Rus alifbosiga asoslangan o’zbek kirill alifbosi. O’zbekiston Rossiya mustamlakasi bo’lganda shu alifbo joriy etilgan.
Ha, men 70 yil oldin rus tilini o’rgangandim, lekin hozir deyarli hech nima yodimda qolmagan.
— 70 yil oldin???
Ha, hozir 92 yoshdaman.
— Rostan-a?! Bundan ko’ra ancha yosh ko’rinasiz.
— Qayerliksiz?
— O’zbekiston. Pokiston emas, ko’pchlik amerikaliklar Pokiston deb tushunishadi, ularning aksari O’zbekiston haqida eshitishmagan, hech nima bilishmaydi.
— Men O’zbekiston haqida bilganlarimni aytsam sizni ranjitishi mumkin.
— Aytavering, agar rost bo’lsa nimaga xafa bo’larkanman.
— Ayniqsa siyosat juda yomon u yerda.
— Ha, nafaqat O’zbekiston, deyarli barcha markaziy Osiyo davlatlarida ahvol shu. Birinchi prezident davrida xalq ko’p zulm ko’rdi, lekin yangi prezident kelganch vaziyat biroz yaxshi tomonga o’zgara boshladi.
Kak vashe imya? (ruschalab so’radi)
— Ismimni inglizchada talaffuz qilish qiyin. Aslida Nodir deb talaffuz qilinadi, lekin amerikaliklar o’xshataman deb juda xunuk talaffuz qilishadi, shuning uchun ularga “No dear” kabi talaffuz qilib aytaman.
No-ri (o’zbekchaga o’xshatmoqchi bo’ldi).
— … (kulib qo’ydim)
— Ha, rostan aytish qiyin ekan.
— Ruschada Надыр deb chaqirishadi, Koreada esa Нoдилы deb o’qishardi.
— Kak vashe familiya?
— Nazarov. Lekin inglizchada “нэзеров” desa ham bo’ladi.
—Nazarov (o’zbekchaga o’xshatib talaffuz qilishga harakat qiladi)
— Sizning ismingizni so’rash yodimdan ko’tarilibdi. Ismingizni so’rasam maylimi?
— Mayli, dedi kulib. Obbo otaxoney, hazilniyam qotirarkansiz deb hayolimdan o’tkazdim.
— Ismingiz nima?
— Eric. (o’qilishi Erik)
— Eric.
— To’g’ri talaffuz qildingiz.
— Ha albatta, axir bu ism AQShda keng tarqalgan.
— Kitobingizdan ozroq o’qib berasizmi, oldin biror o’zbek bilan uchrashmaganman, o’zbekcha so’z eshitmaganman.
— Aslida bu kitob inglizchadan o’zbekchaga tarjima qilingan. Amerikada juda mashhur kitoblardan sanaladi. Inglizchada kitob sarlavhasi qanaqa bo’ladi bilmadim, lekin avtori Jerom Selinj.
— Ha, men uni yaxshi bilaman, asarlarini o’qiganman. Hozir nomi yodimga kelmayapti.
Samolyot hali ko’tarilmagani bois, internetdan qidirib topdim.
—“ The Catcher in the Rye”, ha mana topdim.
— Ha, shunday. Esladim. Kollej, universitetda o’qigan amerikalik yo’qki bu kitobni o’qimagan bo’lsa. Siz ham universitetda o’qiysizmi?
— Yo’gey, universitetni tamomlaganimga ancha yillar bo’lib ketdi. Shunchaki vaqtni o’tkazish uchun o’zim bilan kitob olgandim. Odatda kitob o’qishga ko’p ham vaqtim bo’lmaydi, lekin kitob o’qishni yaxshi ko’raman. Siz nima qilasiz?
— Hech nima qilmayman, nafaqadaman. 92 yoshman axir.
— Yo’q, buni nazarda tutmadim. Umuman bo’sh vaqtlaringizni nimalar bilan o’tkazasiz?
— Kitob o’qiyman. Mana hozir ham falonchining asarini o’qiyapman.

Kitob nomi va muallifi yodimda qolmadi. Tarixiy kitob ekan, qaysidir mashhur rassomning 6 ta asarini tasvirlab, u san’at asari ortida qanday ma’no, qanday tarix yashiringanini tafsolatlarigacha juda chiroyli qilib so’zlab berdi. Keyin esa ovqat to’g’risidagi qandaydir kitob o’qiyotganligi, uning asosiy 4 ta elementi haqida har bir bobda yozilganligini tushuntira ketdi. Keyin suhbatimiz ovqat mavzusiga o’tdi. Turli achitqi salatlar haqida gapirar ekan, u haqida ham kitob o’qiganligi, achitqi bakteriyalarining turi, achitish jarayonlari va hakozo to’g’risida ham ancha narsa bilarkan.
—Rosa chiroyli tasvirlab berdingiz, o’qigim kelib ketdi. Xudo umr berib, vaqtim bemalol bo’ladigan yoshlarga yetsam maza qilib kitob o’qishni orzu qilaman. Afsus, yoshligimda ko’p kitob o’qimaganman.
— Nima uchun?
—Sababi o’qishga kitobni o’zi bo’lmagan. Yo’q, 3–4 javob kitoblarimiz bo’lgan, lekin bolalarga mos kitoblar ko’p bo’lmagan. Balki buni uchun ham emasdir, kitob o’qish odati, madaniyati shakllanmagan. Ota-onam meni oldiga olib kitob o’qib berganini eslay olmayman.
—Bunga hali ham kech emas.
— Qanaqasiga, shu yoshda-ya?
Ha, siz otangiz nomidan kitob o’qiysiz, sizni nomingizdan esa farzandlaringiz tinglaydi.
— Mantiqan to’g’ri. Ba’zan farzandlarimga kitob o’qib beraman, lekin asosan onasi o’qib beradi.
— Men farzandlarimni qo’ynimga olib ko’p kitob o’qib berardim.

Bobo yoshligini eslab, xotiralari bilan bo’lishdi. Kitob o’qish, o’qib berish bo’yicha ba’zi tavsiyalarni berdi. Mendan farzandlarim haqida so’radi. Ularni yoshi, qiziqishi haqida aytib berdim, rasmlarini ko’rsatdim.

Farzandlaringiz nimaga qiziqadi?
—Rasm chizishga qiziqishadi. Ikkisi ham katta bo’lsam rassom/san’atkor bo’laman deydi. Jur’atini so’ndirmayman, lekin bunaqa kasb egallashini xohlamasdim.
— Nega?
— Chunki san’at va musiqa sohasida ko’tarilish qiyin. (Asosiy sababni aytib o’tirmadim, balki buni tushunmas, o’zimni ham tushuntirishga ko’p xohishim yo’q).
— To’g’ri, lekin bu boshqa sohalarda ham yordam berishi mumkin. Mana masalan falonchini (ismi yodimda qolmadi) olaylik. Shunaqangi chiroyli rasm chizardi, o’ta professional. Hozirda u kuchli psixolog.
— Balki, lekin men ularga ko’proq doktor yoki tadqiqotchi olim bo’lishni tavsiya etaman.

— Amerikaga qanday kelgansiz?
— Talaba bo’lib kelganman. O’qishni tugatib ishga kirdim, mana 11 yildan beri shu yerdaman.
— Sizga bir savol bermoqchiman. Ko’pchilik bu savolimni yoqtirmaydi, xohlamasangiz javob bermang.
— Bemalol.
Ota-onangiz boymi?
— Yo’q, o’rta hol oiladan chiqqanman. Lekin juda qiynalgan vaqtlarimiz ham bo’lgan. Iqtisodiyotimiz tang ahvolda bo’lgan vaqtlar bo’ldi. Asosiy dietamiz non va shakar choydan iborat edi, go’sht juda kam yerdik. Qishni sovuq kunlarida gaz, svet, hatto suv bo’lmasdi.
Shuning uchun ham ota-onangizni sizlarga ortiqcha ajratishga vaqti bo’lmagandir.
— To’g’ri aytasiz, hayot juda og’ir edi, farzandini oldiga olib kitob o’qib berish uchun vaqt ham, imkon ham bo’lmagan.
— Ota-onangiz boymi deb so’rashimdan yana bir maqsad, Amerikada o’qishga pulni qayerdan topgansiz? Bizda o’qish puli juda qimmat.
— Maktabni bitirgach ota-onamdan umuman pul olmadim, ularga og’irligim tushmasligi uchun o’qish vaqtida ham ishlab pul topdim. Avval Janubiy Koreada magistraturada o’qish uchun ozroq ishladim. Bakalavrda ham, Koreada magistraturada ham 100% grand bilan o’qidim, o’qishdan tashqarida ishladim, pul to’pladim. Lekin Amerikada 35ming dollar to’lab o’qidim.

Shundan keyin Erkin bobodan o’zlari haqida gapirib berishlarini so’radim. Yoshligida “Urban Planting”, ya’ni shaharlarda ekin yetishtirish bo’yicha ishlaganligi, ikki o’g’li borligi, xotinidan ajrashib ikkinchi marotaba turmush qilganligi, ugay qizlari borligi, Yevropani xotini bilan furgonda aylanib chiqqani haqida aytib berdi.
— Nechta avlodni ko’rdingiz?
— Uchta, men, farzandlarim va nevaralarim.
— Atigi uchtami? Mening onamning buvilari 80dan oshgan katta buvim bo’lardilar. O’sha kishi nevaralarining nevarasini qo’llariga olganlar, 5ta avlodni ko’rganlar.
Men 30dan oshib turmush qilganman, bolalarim ham, shu sabab ko’p avlod almashmadi hali.

Keyin yana nimalardir haqida gaplashdik. Ularni hammasini aytib o’tirish shart emasdir. Gap aylanib ovqat mavzusiga keldi.
Biz tarafda O’zbek oshxonalari bormi, o’zbekcha ovqat yeb ko’rmoqchiman.
— Ikkita bor, biri San Fransiskoda, nomi “Halol Dasturxon”. 2 yil oldin ovqatlanganimizda ovqatlari yaxshi edi, lekin hozir o’zbek oshpazlar ketib, bizni ovqatni bilmaydigan boshqa millat oshpazlari pishiryapti ekan, shuning uchun sifati oldingidek emaskan. Boshqasi esa Redvud shahridagi “Nursel” restorani. U yerda asosan qirg’izcha ovqat qilishadi, o’zbek ovqatlariga juda o’xshash. U joy ham shu kunlarda sifatini yo’qotgan deb aytishdi. Xudo xohlasa men o’zim sizga o’zbek ovqatlaridan olib borib, ziyoratingizga o’taman.
— Mamnun bo’lardim, sizni zahmatga qo’ymasam albatta.
— Turli millatlarga xos ovqatlar haqida gaplashdik. Mana siz Vengriyaning zahardek achchiq ziravori haqida aytdingiz. Biz o’zbeklarga xos, sizni hayron qoldiradigan ovqatlanish odatlaridan birini aytaman. Biz sovuq qishda ham, selsiy bo’yicha 45 daraja, faringet bo’yicha 110 bo’lsa kerak, shunaqa issiqda ham qaynoq choy ichamiz. Shunchaki issiq emas, qaynoq.
— Og’zingiz kuyib qolmaydimi?
— Siz bizdek qaynoq choy ichsangiz og’zingizni kuydirib olishingiz aniq. Biz o’rganib ketganmiz. Choy haqida yana qiziq bir jihatimiz, bizni ko’k choy AQShdagi ko’k choy kabi emas, anchagina taxir, uni bizdan boshqalar shakarsiz icha olmasa kerak.
—Men choyni yaxshi ko’raman, turli xil choylar ichaman.

Shundan keyin Yaponcha, Xitoycha choylar haqida gapira ketdi.

— Shvetsiyaning “Surströmming” degan balig’i haqida eshitganmisiz?
—Yo’q, eshitmagan ekanman. Nimasi mashhur uni?
— Dunyodagi eng sassiq ovqatlardan. Uni yeyish u yoqda tursin, hididan qayd qilib yuborasiz. Agar internet ishlatsangiz YouTube da “Shvetsiya sassiq balig’ini yeyish chellinji” deb qidirib ko’ring. Aytgancha, internet ishlatasizmi?
— Ha, asosan elektron xat yozishaman.
— Unda menga elektron pochta manzilingizni bering, siz bilan yozishib turamiz.

Erkin bobo hamyonidan tashrif kartasini berdi. Unda ismi, telefon raqami, emaili va uy manzili yozilgan edi. Meni ham hamyonimda odatda tashrif kartasi yurardi, oxirgi marta kimgadir bergan ekanman, qolmapti, uydan to’ldirib olish yodimdan ko’tarilibdi.
— Mayli hechqisi yo’q, mana bu qog’ozga yozib bering.

Pochtamni otaxon uzatgan qog’ozga yozib uzatdim.
— Yozuvingiz juda chiroyli ekan.
— Yoshligimda juda chiroyli edi, hozir faqat klaviaturada yozaman. Ha aytgancha, men bir necha yil ilgari kalligrafiya bilan shug’ullanganman.
— Balki farzandlaringizni tasviriy san’atga qiziqishi sizdan o’tgandir.
— Bo’lishi mumkin. Siz ham qiziqsangiz biror kuni borganimda o’zimning ijodimdan biror nima sovg’a qilaman.
— Tashakkurlar. Mana manzilimizga ham deyarli yetib keldik. Siz bilan suhbatlashib vaqt qanday o’tganini bilmay ham qoldim.
— Siz bilan suhbatlashib maza qildim. Ishonasizmi, men aslida odamlar bilan kam gaplashaman. Yoshligimda bundan ham kamgap bo’lganman, hattoki qo’shnilarim bilan gaplashib, o’ynamaganman, ba’zilari meni tanimagandir ham. Balki introvert bo’lganligim uchundir, balki shunchaki kamgap(eng. taciturn)dirman.
— Taciturn. Ajoyib so’z ishlatdingiz. Inglizchangiz juda zo’r ekan. Bunga qanday erishdingiz?
— Yo’g’ey, unaqa zo’r emas-ku. Endi 10 yildan beri AQShda yashab, inglizcha bilmasak uyat.
— Rostan juda yaxshi, o’zingizga past baho bermang.
— Men odatda o’zimga juda past baho beraman. Balki atrofimdagi muvaffaqiyatli insonlar ko’pligi, o’zimni ular bilan solishtirib o’zimni ancha pastda ko’rishim sababdir.
— Sizga bir gap aytaman. Agar siz ham ulardek aqlli, muvaffaqiyatli bo’lmaganingizda, ular sizni allaqachon tark etgan bo’lardi.
— Maqtov uchun tashakkur. Siz bilan tanishganimdan juda xursand bo’ldim. Tashqariga o’zingiz chiqasizmi?
Uzoq piyoda yura olmayman. Pandemiyadan oldin instruktor yordamida guruh bilan turli mashqlar qilib turardik, yurib turardim. Pandemiya vaqtida guruh bo’lib shug’ullana olmaganligimiz uchun, o’zim dangasalik qilib mashqlarni tashlab qo’ydim va biroz qotib qoldim. Yo’lakkacha o’zim chiqaman, undan keyin meni aravachada tashqariga olib chiqib qo’yishadi.
— Bu yoshda o’zingiz mustaqil qadam tashlay olishingiz, ko’rib turishingiz, eshitib turishingiz, kitob o’qishingiz, shunday go’zal suhbat qura olishingiz bu hammasi Yaratganning katta ne’mati. Bilasizmi, bizni yurtda 60 yoshdan keyin bu ne’matlarning ko’pi ketib qoladi.
— Sizlardagi hayot tarzi odamlarni shunday qiladi.
— Juda to’g’ri aytdingiz, ayniqsa stres ko’pchilik kasalliklarga sabab bo’ladi. Mayli, sizga salomatlik tilayman. Tanishganimdan juda mamnun bo’ldim. Yana ko’rishguncha.

Otaxon kulib xayrlashdik. U kishida qandaydir ijobiy energiya bor edi. Odatda buncha uzoq tinimsiz gaplasha olmasdim, charchab qolardim.

Ertasi kuni Erkin bobodan quyidagi emailni oldim.

“Erkin” boboning xati

Xatning mazmuni quyidagicha:

“Vikipediyada O’zbekiston haqida biroz o’qidim. Timur va Samarqand.

Mamlakatingiz qadimiy, murakkab va boy tarixga ega ekanligini bilib oldim.
Samarqand yodgorliklari ajoyib va go‘zal, men u yerga tashrif buyurishni istardim.
Temurning hayratlanarli jihati shundaki, u ulkan saltanatga asos solgandan so‘ng, imperiya uning vafoti bilan parchalanib ketgan.
Bundan tashqari, uning aql bovar qilmaydigan darajada ko’p xotinlari va kanizaklari bo’lgan ekan.

Siz bilan o’tkazgan vaqtimizdan maza qildim. Siz sabab safarimiz juda qisqa bo’lgandek tuyildi.”

--

--

Nodir Nazarov
Nodir Nazarov

Responses (1)